Oʻzbekiston Pensiya jamgʻarmasi Malayziyaning xususiy pensiya tizimi bilan tanishdi
Oʻzbekiston Pensiya jamgʻarmasi delegatsiyasi 25 noyabr kuni Malayziyada xususiy pensiya jamgʻarmalari administratori bilan ixtiyoriy jamgʻarmalar va mablagʻlarni himoya qilishni muhokama qildi.

25 noyabr kuni Malayziyada Oʻzbekiston Pensiya jamgʻarmasi delegatsiyasi Malayziya Xususiy pensiya jamgʻarmalari administratori (PPA) xodimlari bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekiston jamgʻarmasi xabar berdi.
Uchrashuvda individual hisobvaraqlarni yuritish, mablagʻlar harakatini hisobga olish, jamgʻarmalarni investitsiya qilish va investitsiya daromadini hisoblash masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, pensiya jamgʻarmasini tanlash va bir jamgʻarmadan boshqasiga oʻtish imkoniyati muhokama qilindi.
Tomonlar ishtirokchilarning jamgʻarmalari va shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish, shuningdek, pensiya yoshiga yetgach mablagʻlarni toʻlash masalalarini ham muhokama qildi. Tomonlar vakillari Oʻzbekiston pensiya tizimi, uning bugungi holati va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot almashdi.



