Oʻzbekiston hukumati Jahon bankidan 800 mln dollarlik paket jalb qilmoqda
25 noyabr kuni Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekiston uchun 800 mln dollarlik paketni maʼqulladi. Mablagʻlar iqtisodiyot, bandlik va ekologik islohotlarga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda 25 noyabr kuni Jahon bankining islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan moliyalashtirish paketi maʼqullandi. Dastur yuqori haq toʻlanadigan ish oʻrinlarini yaratish, xususiy sektorni kengaytirish, mamlakatning xalqaro savdodagi ishtirokini oshirish hamda xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni koʻzda tutadi.
Ijtimoiy choralar ijtimoiy sugʻurtani, jumladan, homiladorlik va tugʻish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini kengaytirishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, xodimlarni himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ijtimoiy xodimlar malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Yana 500 ming kishi keng polosali internetdan foydalanish imkoniga ega boʻlishi, fermerlarning 35 foizini qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Elektr energetikasida isteʼmolchilarning 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlovchi tarmoqlar orqali xizmat koʻrsatiladi.
Bundan tashqari, dastur energiya samaradorligini oshirish uchun 10 mln dollar xususiy investitsiyani jalb etishni nazarda tutadi. Taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 3 000 megavattgacha oshirish, tabiatga yetkaziladigan zararni esa kamaytirish rejalashtirilgan.



