Uels terma jamoasi murabbiyi Bellami portugaliyaliklardan Ronalduning futboldagi hissasi uchun minnatdor boʻlishni soʻradi
Uels terma jamoasi bosh murabbiyi Kreyg Bellami Millatlar ligasining Portugaliyaga qarshi uchrashuvi arafasida milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan Krishtianu Ronaldu haqida fikr bildirdi.

Mutaxassisning aytishicha, muxlislar portugaliyalik futbolchining oʻyinini koʻrish imkoniga ega boʻlganlari uchun minnatdor boʻlishlari kerak. «Uni qadrlang. Uni maydonda koʻrish imkoniga ega boʻlganimiz uchun minnatdor boʻling. Men minnatdorman. Siz, portugaliyalik muxlislar esa ikki karra minnatdor boʻlishingiz kerak: u mamlakatingiz sharafini himoya qilgan. Uning futboldagi izi abadiy qoladi», — deya Bellamining soʻzlarini Madrid Xtra keltirdi.
41 yoshli hujumchining terma jamoadagi faoliyatini yakunlashi mojarosiz kechmadi. Noyabr oyi boshida Ronaldu Daniyaga qarshi oʻyin oldidan bosh murabbiy Jorge Jezus bilan yuzaga kelgan mojaro ortidan jamoa qarorgohini tark etdi. Portugaliya futbol federatsiyasi futbolchini 30 kunga chetlatdi va unga €255 miqdorida jarima soldi. Koʻp oʻtmay, Krishtianu bundan buyon terma jamoa safida oʻynamasligini eʼlon qildi.
Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 234 ta uchrashuv oʻtkazib, 146 ta gol urgan. Har ikki koʻrsatkich ham erkaklar xalqaro futboli tarixidagi rekord hisoblanadi. U terma jamoadagi soʻnggi uchrashuvini sentyabr oyida oʻtkazgan: oʻshanda portugaliyaliklar Uelsni 1:0 hisobida magʻlub etgan.



