Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi uchun umumiy platforma ishga tushadi
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston elektr energiyasining umumiy bozorini yaratishga tayyorgarlik koʻrmoqda: dastlabki bitimlar 2028-yil oxiri yoki 2029-yil boshida amalga oshirilishi mumkin.

«Energiya» muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi pilot mintaqaviy bozorni ishlab chiqish va ishga tushirish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qildi. Loyiha Jahon banki koʻmagida REMIT dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda ishtirokchilar keyingi kunning muayyan soatlarida yetkazib berish sharti bilan elektr energiyasini sotib olish va sotish boʻyicha buyurtmalarni oldindan taqdim etishlari mumkin boʻladi. Bu ortiqcha elektr energiyasini taqchillik yuzaga kelgan mamlakatlarga yoʻnaltirish imkonini beradi. Hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi, amaldagi uzoq muddatli ikki tomonlama shartnomalar esa saqlanib qoladi.
Pudratchi savdo qoidalari, narx belgilash va hisob-kitoblar tizimini ishlab chiqishi, platformani yaratishi hamda u ishga tushirilganidan keyin faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi kerak boʻladi. Ishlab chiqish va joriy etish uchun 18 oy ajratilgan, shartnomaning dastlabki qiymati taxminan $2 mln deb baholanmoqda.
Platforma taxminiy moliyalashtirish hajmi qariyb $1,02 mlrd boʻlgan oʻn yillik REMIT dasturining bir qismidir. Jahon banki mintaqadagi yillik elektr energiyasi yetkazib berish hajmini 15 mlrd kVt·soatgacha oshirishni koʻzlamoqda.



