Qozogʻistonda marketpleyslar va onlayn oʻyinlar uchun yangi qoidalar rejalashtirilmoqda
Qozogʻistonda onlayn oʻyinlar, ilovalar va boshqa raqamli mahsulotlarni tekshirish va markirovkalash, platformalarda esa majburiy verifikatsiya hamda ota-ona nazoratini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Qozogʻistonda «Bolalarning raqamli va axborot xavfsizligi toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Hujjatda bolalar faol foydalanadigan onlayn oʻyinlar, ilovalar va marketpleyslar uchun yangi talablar belgilanishi koʻzda tutilgan.
Qurultoy raisi oʻrinbosari Dinara Zakievaning aytishicha, platformalar raqamli mahsulotlarni tekshirishi va markirovkalashi kerak boʻladi. Markirovkada, masalan, foydalanuvchilar oʻrtasida yozishmalar bor-yoʻqligi, shuningdek, oʻyin yoki ilova ichida xarid qilish imkoniyati koʻrsatilishi kerak.
Qonun loyihasi vakolatli organ tomonidan majburiy verifikatsiyadan oʻtkazishni ham joriy etadi. Shu bilan birga, axborot va raqamli mahsulotlarni oʻchirish yoki bloklash talablariga rioya etilishi monitoring qilinadi. Agar mahsulot bolalar uchun xavf tugʻdirsa, platforma egalari qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin, dedi Zakieva.
Yangi talablar marketpleyslarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, barcha raqamli platformalar ota-ona nazoratini joriy etishga majbur qilinadi: bolalar tekshiruv va markirovkadan oʻtmagan oʻyinlar hamda ilovalarni koʻra va yuklab ola olmaydi.
Yana bir chora fotosuratli bolalar ID-kartalarini joriy etish boʻladi. Zakievaning soʻzlariga koʻra, ular bolaning shaxsini aniqlash, xavfsizligini taʼminlash va raqamli muhitdagi huquqlarini himoya qilishga yordam beradi. Qonun loyihasida jami 120 dan ortiq tuzatish bor.



