«Oʻzbekneftgaz» Xitoyning BGP va INOVA kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytiradi
«Oʻzbekneftgaz», BGP va INOVA seysmik razvedka ishlari, geofizika uskunalarini yetkazib berish hamda hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini koʻrib chiqdi.

Toshkentda uchrashuvni «Oʻzbekneftgaz» boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Suxrob Hamroyev oʻtkazdi. Ishtirokchilar qoʻshma loyihalarning joriy holati va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Asosiy eʼtibor seysmik razvedka ishlariga qaratildi. Tomonlar rejalashtirilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish va talab etiladigan sifatni taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, ishlarni 2026 yil oxirigacha jadallashtirish masalasi muhokama qilindi.
Geofizika uskunalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish ham alohida mavzu boʻldi. Kompaniyalar texnikani toʻliq va kelishilgan muddatlarda yetkazib berish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida «Oʻzbekneftgaz», BGP va INOVA vakillari amaldagi kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga tayyor ekanini bildirdi. Hamkorlikni zamonaviy texnologiyalar hamda neft-gaz sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni oʻz ichiga olgan yangi yoʻnalishlar hisobiga kengaytirish rejalashtirilmoqda.



