Oʻzbekistonda narxlar haqidagi ochiq maʼlumotlarga ega NarxStat ishga tushirildi
NarxStat platformasida isteʼmol, uy-joy va sanoat narxlari haqidagi maʼlumotlar hududlar va tumanlar kesimida jamlangan. Axborotdan bepul foydalanish mumkin.

Milliy statistika qoʻmitasi platformani 13 noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida taqdim etdi. Saytga narx.stat.uz manzili orqali kirish mumkin, maʼlumotlarni esa CSV va JSON formatlarida yuklab olish yoki roʻyxatdan oʻtmasdan API orqali olish mumkin.
Platformada isteʼmol narxlari indeksi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilgʻining haftalik oʻrtacha narxlari, shuningdek, uy-joy bozori hamda sanoat ishlab chiqaruvchilari narxlari koʻrsatkichlari keltirilgan. Foydalanuvchilar inflyatsiya va isteʼmol xarajatlari kalkulyatorlaridan foydalanishlari mumkin.
Servisda hududlar boʻyicha oʻrtacha narxlar va ularning haftalik oʻzgarishlari aks etgan xarita, tovarlar narxi dinamikasi grafiklari, eng koʻp qimmatlagan va arzonlagan mahsulotlar roʻyxati mavjud. Shuningdek, soʻnggi yarim yil ichida eng yuqori va eng past narxlarga ega boʻlgan tovarlar haqidagi maʼlumotlar, hududlardagi narxlarni taqqoslash imkoniyati, maʼlumotlarni yangilash taqvimi va hisob-kitob formulalari tavsifi ham taqdim etilgan.
Platforma maʼlumotlariga koʻra, oktabr oyida isteʼmol narxlari sentabrga nisbatan 0,6 foizga, yil davomida esa 6,5 foizga oshgan. Uchinchi chorakda uy-joy narxi avvalgi chorakka nisbatan 1,4 foizga, yillik hisobda esa 4,8 foizga koʻtarilgan.
Yana oʻqing

Boris Titov BRM kun tartibiga SI, kosmos va madaniyatni qoʻshishni taklif qildi
Texnologiyalar10:49
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
