VW ID. Polo GTI Clubsport — 362 ot kuchiga ega elektr hot-xetchbek poyga konsepti
Volkswagen 362 ot kuchiga ega ID. Polo GTI Clubsport konseptini tayyorladi. Seriyali ishlab chiqarish hozircha tasdiqlanmagan, ammo u 100 km/soatga 4,7 soniyada chiqadi.

Konsept 27 noyabrdan 6 dekabrgacha Germaniyaning Essen shahridagi avtosalonda namoyish etiladi. Volkswagen uni asosan texnologik namoyish deb biladi, ammo seriyali versiya paydo boʻlishini butunlay istisno qilmaydi.
Clubsport yaqinda taqdim etilgan ID. Polo GTI asosida yaratilgan. Standart elektromotor oʻrniga kattaroq ID. Tiguan va ID.7 modellarida qoʻllanadigan agregat oldingi oʻqqa oʻrnatilgan. Maksimal tezlik 240 km/soatga yetadi.
Konsept kuzovi kengaytirildi, gʻildirak izlari kattalashtirildi, maxsus osma va pastroq klirens oʻrnatildi. Ikki eshikli kompozitsiya kengaytirilgan orqa gʻildirak arkalariga joy ochdi. Aerodinamik toʻplam karbon qanot, oldingi splitter va yangi diffuzordan iborat. Qiyofani qora 19 dyuymli BBS disklari toʻldiradi.
Batareya sigʻimi oʻzgarmadi — 52 kVt·soat. Akkumulyatorni boshqarish tizimi koʻproq quvvat uzatish uchun takomillashtirildi, zaryadning ruxsat etilgan diapazoni esa seriyali modeldagidan kengaytirildi.
Salondan multimedia tizimi, orqa qator va yukxona olib tashlandi. Ularning oʻrniga xavfsizlik karkasi, besh nuqtali kamarlarga ega Recaro kovshsimon oʻrindiqlari va toʻq rangli mikrofleece qoplama qoʻyildi. Volkswagen avtomobilni hozircha raqamlangan konsept deb ataydi; unga davlat raqamlarini oʻrnatish imkoniyati esa «nazariy» deb baholanmoqda.
Yana oʻqing

Boris Titov BRM kun tartibiga SI, kosmos va madaniyatni qoʻshishni taklif qildi
Texnologiyalar10:49
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
