Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Qozogʻiston Toshkentga oʻz hududidan chang koʻchishi haqidagi xabarlarga javob berdi

Kazgidromet Toshkentdagi havo yomonlashuvi Qozogʻistondan chang koʻchishi bilan bogʻliqligini tasdiqlamadi. Idora hisob-kitoblariga koʻra, havo massalari asosan janubi-gʻarbdan kelgan.

26-noyabr, 14:18По-русски

Read in English

ulysmedia.kz

Qozogʻistonda Kazgidromet 15–22 noyabr kunlari Toshkent, Sariagʻash va Chimkent hududidagi havo massalari harakatini oʻrgandi. Tahlil oʻzbekistonlik mutaxassislar qoʻshni mamlakat hududidan kelgan chang oqimlari Oʻzbekiston poytaxtidagi havo sifatiga taʼsir qilgan boʻlishi mumkinligini aytgach oʻtkazildi.

Kazgidromet maʼlumotlariga koʻra, bu davrda shamol asosan Eron, Qizilqum choʻli va Oʻzbekistonning janubi-gʻarbiy hududlari tomondan esgan. Mutaxassislar AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi ishlab chiqqan HYSPLIT modelini ham qoʻlladi. Kazgidromet taʼkidlashicha, hisob-kitoblar Qozogʻistondan Toshkentga havo massalari bevosita koʻchganini aniqlamagan.

Shuningdek, idora soʻnggi oʻn yil ichida Sariagʻash hududidan havo Toshkent tomon atigi 3–5% hollarda koʻchganini maʼlum qildi. Shu bois mutaxassislar Toshkentda PM10 va PM2.5 zarrachalarining yuqori konsentratsiyasi manbai aynan Qozogʻiston hududi boʻlganini aytishga hali erta, deb hisoblamoqda.

Kazgidromet ehtimoliy ichki ifloslanish manbalari sifatida transport, isitish, sanoat korxonalari va qurilish maydonchalarini atadi. Avvalroq OʻzGidromet noqulay meteorologik sharoitlar sabab noyabrning soʻnggi kunlarida Toshkentda havo sifati yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirgandi.