Qozogʻistonda haydovchilik nazariyasini masofadan topshirishga ruxsat berildi
Qozogʻistonda haydovchilik nazariyasini eGov Mobile orqali masofadan topshirish mumkin. Pilot xizmat hozircha faqat Astanada doimiy roʻyxatdan oʻtganlar uchun ochiq.

Funksiya «Xizmatlar markazi»dagi «Nazariyani onlayn topshirish» boʻlimida mavjud. Kompyuter yoki noutbuk, smartfon va barqaror internet kerak. Tizim avval guvohnoma olgan-olmaganini, boshqaruv huquqidan mahrum etilgan-etilmaganini, avtomaktabning amaldagi hujjatlari va tibbiy maʼlumotnomasi borligini tekshiradi. Nomzod dispanser hisobida turmasligi kerak.
Toifa tanlanib, maʼlumotlarni qayta ishlashga rozilik berilib, toʻlov qilingach, shaxsiy kabinetda 30 kun amal qiladigan, faqat arizachiga moʻljallangan imtihon havolasi paydo boʻladi. Test 40 savoldan iborat, unga 40 daqiqa beriladi; oʻtish uchun kamida 32 ta toʻgʻri javob kerak. Imtihon har kuni 09:00–20:00 oʻtkaziladi, uni 19:20 gacha boshlash lozim. Kuniga bir urinishga ruxsat beriladi, qayta topshirish ertasi kundan mumkin.
Test ExamAppʼda avtomatlashtirilgan proktoring bilan oʻtkaziladi. Tizim shaxsni tekshiradi, video, ovoz va ekranni yozadi, taqiqlangan dasturlar, VPN hamda qoʻshimcha monitorlarni nazorat qiladi. Kamera oʻrnatilgan ikkinchi smartfon nomzaddan taxminan 1,3 metr uzoqda boʻlishi kerak. Imtihonni telefon yoki planshetdan topshirib boʻlmaydi. Nazariyadan muvaffaqiyatli oʻtgach, «Xizmatlar markazi» ilovasi orqali amaliy imtihonga yozilish yoki ixtisoslashtirilgan «Xizmatlar markazi»ga murojaat qilish mumkin.



