Mongoliya prezidenti korrupsiya ayblovlari fonida isteʼfoga chiqish niyatini maʼlum qildi
Mongoliya prezidenti Uxnaagiin Xurelsux 17-noyabr kuni vakolatlarini topshirishga tayyorligini va temiryoʻl qurilishi shartnomasi bilan bogʻliq ayblovlar yuzasidan tergov oʻtkazilishiga rozi ekanini bildirdi.

Xurelsux matbuot anjumanida ayblovlarni rad etib, ularni tuhmat deb atadi. Shu bilan birga, Demokratik partiya parlament guruhi ish holatlarini tekshirish imkonini berish uchun isteʼfoga chiqish haqidagi talabiga rozi boʻldi. Isteʼfo Buyuk davlat xurali — Mongoliya parlamenti — uni qabul qilganidan keyin kuchga kiradi.
Ayblovlar Tavan-Tolgoi — Gashuunsuxait temiryoʻlini qurish shartnomasiga taalluqli. 2019-yilda Xurelsux bosh vazir lavozimida boʻlgan paytda pudrat ishlarini Bodi International kompaniyasi olgan. Ayblovlarni ilgari surgan siyosatchilar versiyasiga koʻra, shartnoma raqobatli tender oʻtkazilmasdan tuzilgan, Xurelsux esa kompaniyadan pul olgan boʻlishi mumkin. Demokratik partiya raisi Odonii Tsogtgerel korrupsiyaga oid taxmin qilinayotgan toʻlovlar umumiy summasi qariyb 110 mln dollar ekanini bildirdi.
Demokratik partiyadan boʻlgan deputatlar tekshiruv oʻtkazish uchun vaqtinchalik parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi. Tashabbusni 42 deputat qoʻllab-quvvatladi. Muxolifat, shuningdek, Mongoliya Milliy xavfsizlik kengashining 2019-yildan beri chiqarilgan tavsiyalarini maxfiylikdan chiqarishni talab qildi.



