Oʻzbekiston delegatsiyasi Monrealdagi ICAO konferensiyasida qatnashmoqda
Oʻzbekiston delegatsiyasi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori Tohir Nazarov boshchiligida Monrealda ICAO konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Kanadaning Monreal shahridagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) shtab-kvartirasida havo transporti boʻyicha ATConf/7 yettinchi Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda aviatsiya maʼmuriyatlari, xalqaro tashkilotlar va soha kompaniyalari vakillari qatnashmoqda.
Ishtirokchilar xalqaro havo qatnovini rivojlantirishning strategik masalalarini muhokama qilmoqda. Tadbirlar doirasida ICAO Assambleyasining 2026-yil 19-noyabrda boshlanishi kerak boʻlgan navbatdan tashqari sessiyasi ham rejalashtirilgan. Unda tashkilot Kengashi aʼzolari sonini 36 nafardan 40 nafargacha oshirish masalasini koʻrib chiqish rejalashtirilmoqda.
«Uzaviatsiya» agentligi maʼlumotlariga koʻra, delegatsiyaning ishtiroki Oʻzbekistonga jahon havo transportini rivojlantirish yoʻnalishlarini muhokama qilishda oʻz manfaatlarini ifodalash, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash imkonini bermoqda.



