Osiyo texnologiya kompaniyalari aksiyalari AI bilan bogʻliq yangi bosim ostida
AQSh Xitoyning ilgʻor AI chiplariga kirishini cheklashni kuchaytirgach, Osiyo texnologiya aksiyalari pasaydi: Xitoydagi ishlab chiquvchilar koʻproq zarar koʻrdi, mahalliy chip ishlab chiqaruvchilar esa oʻsdi.

Seshanba kuni Osiyo bozorlarida Xitoydagi AI ishlab chiquvchilari aksiyalari eng koʻp pasaydi. Gonkongda roʻyxatdan oʻtgan, Ox Alpha modeli yaratuvchisi Z.ai aksiyalari 6 foizgacha tushdi, Alibaba 6 foizga, Tencent esa 3 foizga arzonlashdi.
Shu fonda Xitoy chip ishlab chiqaruvchilari teskari yoʻnalishda harakat qildi: SMIC aksiyalari 9 foizga, Hua Hong aksiyalari esa 16 foizga oʻsdi. Investorlar AQShning yangi cheklovlari Xitoyda mahalliy yarimoʻtkazgich ishlab chiqarishni rivojlantirishni tezlashtiradi, deb hisoblamoqda.
Cheklovlar Xitoy kompaniyalariga xorijdagi maʼlumotlar markazlarida hisoblash quvvatlarini ijaraga olish orqali ilgʻor chiplarni olish imkonini bergan sxemaga qaratilgan. Endi bunday chiplarni Singapur, Malayziya va Braziliyani ham oʻz ichiga olgan bir qator mamlakatlarga yetkazib berish uchun qoʻshimcha litsenziyalar talab etiladi.
Saxo kompaniyasining bosh investitsiya strategisti Charu Chanana yangi qoidalar Xitoydagi AI ishlab chiquvchilarining hisoblash xarajatlarini oshirishi va modellar yaratish jarayonini sekinlashtirishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Pekin xorijiy texnologiyalarga qaramlikni kamaytirishga intilayotgani sababli, SMIC va Hua Hong koʻproq talab hamda davlat koʻmagiga ega boʻlishi mumkin.
Pasayish Janubiy Koreya va Yaponiyadagi mikrosxema ishlab chiqaruvchilariga ham taʼsir qildi. AQShda bir kun avval Filadelfiya birjasidagi yarimoʻtkazgich kompaniyalari indeksining pasayishi ortidan sektorga bosim kuchaydi.
Bozor uchun qoʻshimcha omil Nvidia atrofidagi vaziyat boʻldi. Bosh direktor Jensen Huang oʻtgan hafta isteʼfoga chiqqach, kompaniya seshanba kuni AQSh savdolari yopilganidan keyin choraklik hisobotini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu Nvidiaʼning vaqtincha bosh direktor Colette Kress rahbarligidagi ilk hisoboti boʻladi. Chanana bahosiga koʻra, kompaniya uchun yaqinlashib kelayotgan moliyaviy natijalardan koʻra kelajakdagi talab jiddiyroq xavf boʻlishi mumkin.



