Oʻzbekiston va YeIK 2027–2030 yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik rejasini tayyorlamoqda
Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi savdo-iqtisodiy hamkorlikning keyingi bosqichi — 2027–2030 yillarga moʻljallangan qoʻshma rejani muhokama qilmoqda. Toshkentda boʻlib oʻtgan ishchi guruh yigʻilishida tomonlar tranzitni soddalashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish va biznes xarajatlarini kamaytirish masalalarini koʻrib chiqdi.

YeIK va Oʻzbekiston hukumati qoʻshma ishchi guruhining beshinchi yigʻilishi 19 noyabr kuni boʻlib oʻtdi. Unga Komissiyaning integratsiya va makroiqtisodiyot boʻyicha vaziri Daniyar Imanaliyev hamda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Ibrohim Ergashev hamraislik qildi.
Muhokamada Oʻzbekiston idoralari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar 2024–2026 yillarga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar rejasining bajarilishi boʻyicha oraliq yakunlarni sarhisob qildi hamda keyingi toʻrt yillik davrga moʻljallangan hujjatni tayyorlash masalasini koʻrib chiqdi.
YeIK maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi toʻrt yil ichida ittifoq mamlakatlari va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 80 foizga oshgan. 2025 yilda oʻzaro savdo 16 foizga oʻsib, qariyb $21 mlrdni tashkil etdi. Imanaliyev ijobiy dinamika 2026 yilda ham saqlanayotganini maʼlum qildi.
Oʻzbekistonda YeOII davlatlari ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni besh mingga yetdi. Tomonlar keyingi ishlarning asosiy yoʻnalishlari sifatida sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qayd etdi.
Kun tartibining katta qismi savdo shartlariga bagʻishlandi. YeIK va Oʻzbekiston vakillari texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya talablari, sanoat hamda agrosanoat majmuasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, elektron savdo, tovarlarni markirovkalash va turizm masalalari ham koʻrib chiqildi.
Bojxona sohasida ishtirokchilar boshqaruvni raqamlashtirish va xalqaro tashuvlarga eʼtibor qaratdi. Jumladan, xalqaro tashuvlarda foydalaniladigan tovarlar va transport vositalari haqidagi maʼlumotlarni almashish toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash masalasi muhokama qilindi.
Yana bir masala — Oʻzbekistonning YeOII va uchinchi davlatlarning bojxona tranziti yagona tizimida ehtimoliy ishtiroki shartlarini muvofiqlashtirish edi. Yigʻilishda bu ishni davom ettirish haqida soʻz bordi; mamlakatning ishtiroki boʻyicha qaror qabul qilingani haqida xabar berilmadi.
Tomonlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish tizimlarining qiyosiy tahlili rejasini amalga oshirish va navigatsion plombalardan foydalanish tajribasi almashinuvini koʻrib chiqdi. Imanaliyevning aytishicha, hamkorlikni kengaytirish tovarlarning bozorlarga kirishini yengillashtirishi va kompaniyalar xarajatlarini kamaytirishi kerak.
YeIK vaziri Oʻzbekiston vakillarini 2027 yil may oyida Bishkekda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yevroosiyo iqtisodiy forumiga taklif qildi. Tashrif davomida Komissiya delegatsiyasi Bojxona qoʻmitasida ham muzokaralar oʻtkazdi, Imanaliyev esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida nutq soʻzladi.
Oʻzbekiston 2020 yil 11 dekabrdan buyon YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Shu maqomda mamlakat ittifoq organlari yigʻilishlarida qatnashadi hamda savdo-iqtisodiy va bojxona masalalari boʻyicha YeIK bilan hamkorlikni rivojlantiradi.



