Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Mongoliya oqsil kasalligiga qarshi oʻz vaksinasini ishlab chiqarishni boshlaydi

Mongoliya 2026 yil oxirigacha oqsil kasalligining O turiga qarshi vaksinaning 200 ming dozalik ilk partiyasini chiqarishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarishni «Biokombinat» davlat korxonasi yoʻlga qoʻyadi.

25-noyabr, 17:33По-русски

Read in English

montsame.mn

Korxona maʼlumotiga koʻra, ishlab chiqarish tayyorgarlik ishlari yakunlangach boshlanadi. Avvalroq Mongoliya oqsil kasalligiga qarshi vaksinalarni Rossiyadan xarid qilgan.

«Biokombinat» mayda kavsh qaytaruvchi hayvonlar oʻlatiga qarshi vaksina ham tayyorlamoqda. Dastlab tajriba namunasining 50 ming dozasi chiqarilishi rejalashtirilgan. Singapurdagi Esco xoldingining TideXcell uskunasi joriy etilgach, ishlab chiqarish quvvati yiliga kamida 20 mln dozaga yetishi mumkin. Bundan tashqari, korxona echkilar plevropnevmoniyasiga qarshi vaksinani sinovdan oʻtkazmoqda.

Korxonada hayvonlarning qator kasalliklarini, jumladan, kuydirgi, brutsellyoz, pasterellyoz va choʻchqalarning klassik oʻlatini oldini olish uchun preparatlar allaqachon ishlab chiqarilmoqda. 2026 yil bahorida Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh Mongoliya hududlarida oqsil kasalligining SAT-1 shtammi aniqlangan. Shundan soʻng mamlakat Rossiyadan vaksina xarid qildi: taxminan 5 mln bosh chorvaga emlash qilindi, yana 4 mingdan ortiq hayvon soʻyildi.

«Biokombinat» 1923 yilda tashkil etilgan boʻlib, 46 turdagi mahsulot ishlab chiqaradi. Uning yillik quvvati taxminan 135 ming litr suyuq vaksina va 31 mln doza liofilizatsiyalangan vaksinalarni tashkil etadi.