Oʻzbekistonning toʻrt banki islomiy bank operatsiyalari uchun litsenziya oldi
Markaziy bank 4 ta tijorat bankiga islomiy moliyaviy operatsiyalar uchun litsenziya berilganini bildirdi. Qaror 18 noyabrda qabul qilingan.

18 noyabr kuni Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvi “Ipak Yoʻli”, Asia Alliance Bank, Orient Finance Bank va Hayot Bankka litsenziya berdi. Hujjatlar ularga “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 5−1-moddasida nazarda tutilgan operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beradi.
Roʻyxatga muzoraba modeli asosida foydani taqsimlash sharti bilan moliyalashtirish yoki investitsiya omonatlari, vakala boʻyicha agentlik shartnomasi asosidagi operatsiyalar hamda tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotish — murabaha kiradi. Shuningdek, banklar salam sxemasi boʻyicha tovarlar uchun oldindan toʻlovni moliyalashtirishi, musharaka modeli asosida qoʻshma faoliyatda yoki kompaniyalar ustav kapitalida ishtirok etishi va sotib olish huquqi bilan mol-mulkni islomiy ijara asosida taqdim etishi — ijara mumkin.



