Juma, 27-noyabr 2026-yil
Madaniyat

Mustafo Bafoyev: asrlar qaʼridan tugʻilgan musiqa

Toshkentda bastakor Mustafo Bafoyevning 80 yilligiga bagʻishlangan monografik kecha boʻlib oʻtdi. Unda jahon premyerasi boʻlgan ikki asar ijro etildi.

26-noyabr, 12:29По-русски

Read in English

Toshkentdagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida 24 noyabr kuni bastakor Mustafo Bafoyevning 80 yilligiga bagʻishlangan konsert boʻlib oʻtdi. Kecha 18 dekabrgacha davom etadigan «Oʻzbekiston navolari» festivali doirasida oʻtkazildi. Uni Oʻzbekiston orkestr va xor jamoalarining Ijodiy birlashmasi hamda respublika Davlat simfonik orkestri tashkil etdi.

Dasturdan simfonik orkestr uchun «Soʻgʻd freskalari» poemasi, skripka va orkestr uchun 4-sonli konsert hamda ayollar xori va orkestr uchun «Toʻrt unsur» simfoniya-baleti oʻrin oldi. Soʻnggi ikki asar ilk bor ommaga taqdim etildi. Poemani konservatoriya rektori Kamoliddin Urinbayev dirijyorligidagi Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri ijro etdi.

Yangi skripka konsertida solist sifatida Essendagi Folkvang kamer orkestri va Vena akademik orkestri konsertmeysteri Muhammadjon Sharipov ishtirok etdi. U Bafoyevning nabirasi. Bastakorning ijodiy merosidan operalar, baletlar, simfoniyalar, kamer asarlar, orkestr joʻrligida ijro etiladigan 30 dan ortiq konsert, qoʻshiqlar, romanslar va filmlar uchun yozilgan musiqalar oʻrin olgan.