Oʻzbekistonda kino boshqaruvi oʻzgartirilib, «Oʻzbekfilm» tuziladi
Oʻzbekistonda kino boshqaruvini isloh qilish haqidagi farmon qabul qilindi: Kinematografiya agentligi va 19 tashkilot tugatiladi, Madaniyat vazirligi huzurida «Oʻzbekfilm» MChJ tuziladi.

Oʻzbekistonda 2026-yil 21-noyabr kuni kinematografiyani boshqarishning zamonaviy usullari va milliy kino brendi «Oʻzbekfilm»ni qoʻllab-quvvatlash haqidagi UP-250-son farmon qabul qilindi. Hujjat 23-noyabr kuni kuchga kirdi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, uning tizimidagi 19 tashkilot hamda Kinematografiyani rivojlantirish milliy jamgʻarmasi tugatiladi. Sohadagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish vakolatlari Madaniyat vazirligiga oʻtkaziladi va uning tuzilmasida Kinematografiya departamenti tashkil etiladi.
«Oʻzbekfilm» vazirlik huzurida MChJ shaklida faoliyat yuritib, kinoindustriyani rivojlantirishning bosh markazi va uning asosiy operatoriga aylanadi. Shuningdek, har yili maxsus mukofot beradigan Kino tanqidchilari klubi hamda Oʻzbekiston kinoindustriyasi vakillari palatasini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Kinoindustriyadagi davlat buyurtmalari bekor qilinadi. Moliyalashtirish budjetdan «Oʻzbekfilm»ga subsidiyalar ajratish orqali amalga oshiriladi, loyihalar esa pitching yakunlari boʻyicha tanlanadi. Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda xususiy sektor ulushi 100 foizgacha oshirilishi kerak. Islohot ishlab chiqarish, mualliflik huquqi, marketing, prokat, festivallar, eksport va milliy kino merosini raqamlashtirishni ham qamrab oladi.
Yana oʻqing

Oʻzbekiston yirik Gollivud kinoloyihalaridan birini qabul qilishi mumkin
Madaniyat12:29
Xorijiy OAV Oʻzbekiston pavilonini Venetsiya biennalesining eng yaxshilari qatoriga kiritdi
Madaniyat26-noyabr, 16:33
