Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Nogironligi boʻlganlar reabilitatsiya markazlariga yoʻllanmani qanday oladi

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi nogironligi boʻlganlarni reabilitatsiya markazlariga elektron yoʻllash tartibini tasdiqladi.

16-noyabr, 15:15По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda 2026-yil 14-noyabrda nogironligi boʻlganlarni Milliy reabilitatsiya va protezlash markazi hamda uning hududiy markazlariga yoʻllash toʻgʻrisidagi nizom kuchga kirdi. Hujjat tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini elektron navbat orqali olish tartibini belgilaydi.

Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP), «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokor orqali topshirish mumkin. Roʻyxatdan oʻtkazilgach, anketa arizachi biriktirilgan shifokorning axborot tizimiga yuboriladi. Imzo barmoq izlari, elektron raqamli imzo, mobil identifikatsiya, Face ID yoki nazarda tutilgan boshqa usul orqali tasdiqlanadi.

Nogironlik muayyan muddatga belgilangan boʻlsa, ambulator davolanishdan bir kalendar yilida uch marta, statsionar davolanishdan esa yarim yilda bir marta foydalanish mumkin. Nogironlik muddatsiz belgilangan taqdirda, ambulator davolanishga yoʻllanma yiliga ikki marta, statsionar davolanishga esa bir kalendar yilida bir marta beriladi.

Oilaviy shifokor anketani olganidan keyin koʻpi bilan bir ish kuni ichida uni koʻrib chiqishi va koʻrik sanasi, vaqti hamda joyini belgilashi kerak. Koʻrik arizachi xabardor qilinganidan keyin besh ish kuni ichida oʻtkaziladi. Yoʻllanma berish va anketani tekshirish bepul.

Navbatdagi holatni YIDXP, «Inson» markazi xodimlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokor orqali real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Belgilangan qoidalar reabilitatsiya markazlari haq evaziga, shartnoma asosida koʻrsatadigan xizmatlarga tatbiq etilmaydi.