Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Soʻrovda qatnashgan bolalarning 13 foizi internetdagi tazyiq haqida aytdi — ota-onalar bundan ancha kam hollarda xabar topadi

«Kasperskiy laboratoriyasi» tadqiqoti bolalarning tajribasi bilan kattalarning xabardorligi oʻrtasida tafovut borligini koʻrsatdi: voyaga yetmagan ishtirokchilarning 13 foizi kiberbullingga duch kelganini bildirgan, oʻz farzandiga nisbatan tazyiq boʻlganidan xabar topgan ota-onalar esa soʻrovda qatnashgan ota-onalarning atigi 3 foizini tashkil etgan.

19-noyabr, 11:54По-русски

Read in English

«Internetda kattalar va bolalar» hisobotining natijalari Toshkentda boʻlib oʻtgan Kaspersky CyberSecurity Weekend 2026 konferensiyasida maʼlum qilindi. Kompaniya izohiga koʻra, tadqiqot 2025-yil noyabr oyida Rossiyada 6 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari oʻrtasida oʻtkazilgan. Hisobotdagi koʻrsatkichlar ushbu soʻrov ishtirokchilariga taalluqli.

Kattalar farzandlariga nisbatan sodir etilgan tazyiq holatlaridan xabar topganida, eng koʻp uchragan shakl ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratli xabarlar va izohlar boʻlgan. Bunday holatlardan xabardor ota-onalarning 69 foizi shu javobni bergan.

Bu ota-onalar guruhining 28 foizi bolani ataylab eʼtiborsiz qoldirish haqida maʼlum qilgan. Yana 22 foizdan kamsituvchi tasvirlar va shaxsiy maʼlumotlarni roziliksiz tarqatish holatlarini koʻrsatgan. Javoblarning 14 foizida sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan soxta fotosuratlar yoki videoyozuvlardan, yaʼni dipfeyklardan foydalanib tazyiq oʻtkazilgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, kiberbullingga duch kelgan bolalarning uchdan biridan koʻprogʻi — 36 foizi — umuman yordam soʻramagan. Muammo haqida ota-onasi yoki boshqa qarindoshlariga 45 foizi, doʻstlariga 20 foizi, oʻqituvchilariga 10 foizi aytgan. Yana 6 foizi mutaxassislarga murojaat qilgan, 6 foizi esa yordam olish uchun sunʼiy intellektdan foydalangan.

2024-yil maʼlumotlari bilan taqqoslash oʻzgarishlar turlicha yoʻnalishda boʻlganini koʻrsatdi. Internetdagi tazyiqqa duch kelmaganini bildirgan bolalar ulushi 72 foizdan 84 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, boshqa foydalanuvchilarni oʻzi ranjitganini tan olganlar ulushi 1 foizdan 3 foizgacha koʻpaygan.

«Kasperskiy laboratoriyasi»ning bolalar onlayn xavfsizligi yoʻnalishi rahbari Andrey Sidenko tazyiqqa duch kelmagan bolalar sonining koʻpayishi profilaktika hamda ota-onalar va pedagoglarning eʼtibori foyda berayotganidan dalolat berishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u bolalarni nafaqat tajovuzdan himoyalanishga, balki internetda hurmat bilan muloqot qilishga ham oʻrgatish zarurligini taʼkidladi.

Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarni himoya qilish masalalari ham parlament kun tartibidan oʻrin olgan. Qonunchilik palatasi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 2026–2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini amalga oshirish, jumladan, jabrlangan bolalarga psixologik yordam koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha soʻrov yubordi.