Oʻzbekiston va ACWA Power uglerod bozorlari boʻyicha memorandum imzoladi
Oʻzbekiston va ACWA Power hamkorlik memorandumini imzolab, kompaniya energetika loyihalarining xalqaro uglerod bozori mexanizmlaridagi ishtirokini oʻrganadi.

2026-yil 14-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida, COP31 doirasida Oʻzbekiston va ACWA Power uglerod bozorlari hamda Parij kelishuvi mexanizmlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi.
Hujjatni Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi va Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda ACWA Power asoschisi va direktorlar kengashi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan imzoladi.
Tomonlar kompaniyaning Oʻzbekistondagi loyihalarining xalqaro uglerod bozori mexanizmlarida ishtirok etish imkoniyatini baholashni rejalashtirmoqda. Roʻyxatga “Bash”, “Jankeldi”, “Karatau” va “Kungrad” shamol energetikasi majmualari, jumladan akkumulyator batareyalarida energiya saqlash tizimi kiritildi.
Mutaxassislar obyektlarning Parij kelishuvi mezonlariga muvofiqligini, ularni tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartiblarini, shuningdek uglerod kreditlari hamda chiqindilarni qisqartirishning tasdiqlangan natijalarini yaratish, oʻtkazish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini oʻrganadi.
Hamkorlik tajriba almashish, normativ bazani rivojlantirish, monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimlarini takomillashtirishni ham nazarda tutadi. Alohida yoʻnalish shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlari uchun iqlim xatarlarini, jumladan ekstremal haroratlar, chang va qum boʻronlarini baholash hamda erta ogohlantirish tizimlaridan foydalanishdan iborat.



