Juma, 27-noyabr 2026-yil
Siyosat

Oʻzbekiston va Ummon strategik sheriklikka kelishib oldi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haytsam bin Tariq Ol Said 17 noyabr kuni Maskatdagi muzokaralarda strategik sheriklikka kelishib oldi.

18-noyabr, 12:22По-русски

Read in English

17 noyabr kuni Maskatda tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Ular tovar ayirboshlash va oʻzaro investitsiyalar oʻsganini qayd etdi.

Oʻzbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki baravar oshirib, 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tomonlar Ummon kapitali ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamgʻarmasining tez fursatda ish boshlashi zarurligini taʼkidladi.

Ustuvor yoʻnalishlar sifatida savdo, transport va logistika, energetika, elektrotexnika, kimyo va togʻ-kon sanoati, qurilish, turizm, qishloq xoʻjaligi, kosmik tadqiqotlar hamda raqamlashtirish belgilandi.

Tomonlar ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni 2026 yil iyulida yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganini muhim deb baholadi. Gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun madaniyat va sanʼat haftaliklari, yoshlar forumi, noyob qoʻlyozmalarni birgalikda oʻrganish hamda Oʻzbekiston va Ummonning qadimiy shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

Kelishuvlarni amalga oshirish uchun tomonlar «yoʻl xaritasi»ni qabul qilish va Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishni rejalashtirmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Ummon yetakchisini mamlakatga davlat tashrifi bilan kelishga taklif qildi.