Namanganda dori-darmonlarning yashirin ombori aniqlandi
Namanganlik fuqaro uyidan 156 nomdagi 23 432 dona dori 3,3 mlrd soʻmdan ortiq qiymatda topildi. Ularning sifatini ekspertiza tekshiradi.

Namangan viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari bojxona, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya vakillari bilan birgalikda 1996-yilda tugʻilgan fuqaroning uyini tekshirdi. Yangi Namangan tumanidagi «Mingterak» mahallasida joylashgan binoda dori-darmonlarning yashirin ombori aniqlandi.
Jami xorijiy dori vositalarining 156 turi — 23 432 dona topildi. Dastlabki baholashga koʻra, mamlakatga noqonuniy olib kirilgan dorilarning qiymati 3,3 mlrd soʻmdan oshadi.
Qalbaki ekaniga shubha uygʻotgan preparatlar belgilangan tartibda olib qoʻyildi. Ularning xususiyatlarini aniqlash uchun ekspertiza tayinlandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.



