Rossiyaning «Gugl» kompaniyasi Fransiyada Google aktivlarini €1,9 mlrdga xatlashni boshladi
Rossiyaning «Gugl» kompaniyasi Fransiyada Google Irelandʼning €1,9 mlrdlik pul talablarini taʼminlov xatloviga tashabbus koʻrsatdi. Bunga Rossiya sudining €1,12 mlrd undirish qarori asos boʻlgan.

25 noyabr kuni Fransiyada sud ijrochisi Google Franceʼni Googleʼning Rossiyadagi shoʻba kompaniyasi topshirigʻiga koʻra qoʻyilgan taʼminlov xatlov haqida xabardor qildi. Chora guruhning Irlandiyadagi tuzilmasiga tegishli pul talablariga taalluqli boʻlib, Rossiya sudining qaroriga asoslangan.
2023 yilda bankrot deb topilgan Rossiyaning «Gugl» kompaniyasi likvidatori Fransiya sudidan ushbu qarorni tan olishni soʻramoqda. Uning advokati Uilyam Jyulining aytishicha, Fransiya tomoni qarorni ijro etiladigan deb tan olsa, xatlov mablagʻlarni ehtimoliy undirishni kafolatlashi kerak. €1,9 mlrd summaga sud belgilagan €1,12 mlrd va foizlar kiradi.
Nizo Google guruhida internet reklamasidan tushadigan daromadlarni taqsimlash bilan bogʻliq. Advokatning taʼkidlashicha, 2009 yildan boshlab Rossiyadagi boʻlinma reklama joylarini sotishdan tushgan daromadning 80 foizini Irlandiyadagi kompaniyaga oʻtkazgan. Uning soʻzlariga koʻra, 2018 yildan bu ulush 97–98,5 foizgacha oshgan. Rossiya tomoni bunday shartlarni kompaniyaning moliyaviy ahvoli yomonlashuvining sabablaridan biri deb hisoblaydi. Bir yil avval boʻlinma boshqa nizo boʻyicha Fransiyada Googleʼning €110 mlnlik aktivlarini muzlatishga ham erishishga harakat qilgan.



