KXDR tashqi siyosatini oʻzgartirib, AQSh tashabbuslarini rad etmoqda
KXDR rahbari Kim Chen In suverenitetni himoya qilgan holda tashqi aloqalarni kengaytirishini aytdi. Marosim Donald Trampning u bilan uchrashishga muvaffaqiyatsiz urinishidan koʻp oʻtmay boʻldi.

23 noyabr kuni Pxenyanda KXDR yangi elchilarning ishonch yorliqlarini topshirish marosimini oʻtkazdi. Unda Kim Chen In shaxsan qatnashdi, deb xabar berdi Koreya Markaziy telegraf agentligi.
Kim diplomatlarga KXDR dunyo davlatlari bilan mustaqillik, tinchlik va doʻstlik asosida aloqalarni rivojlantirmoqchi ekanini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Pxenyan ustunlik yoki ekspansiyaga intilmaydi, biroq global xavfsizlik inqirozi va siyosiy-iqtisodiy beqarorlik sharoitida suverenitetni himoya qilish yondashuvlarini qayta koʻrib chiqishi kerak.
Kimning shaxsan qatnashgani noodatiy boʻldi: odatda ishonch yorliqlarini Oliy xalq majlisi Prezidiumi raisi yoki boshqa yuqori mansabdor qabul qiladi. Marosimda tashqi ishlar vaziri Choe Son Hui va Rossiya vakili boʻlgan elchi ham qatnashdi.
Uchrashuv AQSh prezidentining Osiyo safaridan keyin boʻldi. Tramp safar oldidan Kim bilan muzokara imkonini oʻrganishni topshirgan, ammo uchrashuv oʻtkazilmadi. AQSh maʼmuriyati sammit tayyorgarligini rasman inkor etmoqda. Vashington raketa sinovlariga moratoriy evaziga zudlik bilan denuklearizatsiya talabidan voz kechish kabi talablarni yumshatishni muhokama qilgan.
Ekspertlar bahosiga koʻra, KXDR yadroviy arsenali 2019 yildan beri 20–30 ta jangovar kallakdan taxminan 60 tagacha oshgan.



