Oʻzbekiston Afgʻonistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importini yengillashtirishi mumkin
Oʻzbekiston Afgʻonistondan agrar mahsulotlarni MDH davlatlariga yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlamoqchi. Toshkentda importni soddalashtirish va savdo toʻsiqlarini bartaraf etish muhokama qilindi.

Toshkentdagi uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov va Afgʻoniston elchisi Abdul Gʻaffor Teraviy ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, biznes missiyalari yakunlari hamda hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildi.
2026-yil yanvar–sentabr oylarida mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,38 mlrd dollarga yetdi. Oʻzbekistonning Afgʻonistonga eksporti uchdan biriga oshdi, Afgʻoniston mahsulotlari importi esa 192,7 mln dollarni tashkil etib, 47 foizga koʻpaydi.
Tomonlar biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish va savdo toʻsiqlarini bartaraf etishga eʼtibor qaratishga kelishib oldi. Jumladan, Afgʻoniston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Oʻzbekistonga olib kirishni soddalashtirish hamda ularni Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlariga keyinchalik yetkazib berishga koʻmaklashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Vahabov va Teraviy «Yangi Oʻzbekiston — global savdo chorrahasi» forumiga tayyorgarlikni koʻrib chiqdi. Tadbir Toshkentda 30-noyabrdan 5-dekabrgacha boʻlib oʻtadi, unda Afgʻonistondan 300 dan ortiq tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda. Avvalroq palata Afgʻonistonning Bamiyon viloyatidan Oʻzbekistonga kartoshka yetkazib berish boshlanganini maʼlum qilgandi.



