«Oʻtgan xizmatlar uchun imtiyoz yoʻq»: Toqayev korrupsiyaga qarshi kurashni taʼkidladi
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev oʻtgan xizmatlar, mukofotlar, taʼlim va tajriba mansabdorlarni javobgarlikdan ozod qilmasligini, «Qonun va tartib» tamoyili hamma uchun bir xil ekanini aytdi.

Qozogʻiston prezidenti Astanada Qishloq xoʻjaligi xodimlarining uchinchi forumida nutq soʻzladi. U korrupsiyaga qarshi kurashni jamiyat illatlariga qarshi kurash yoʻnalishlaridan biri deb atab, mansabdorlar oʻtgan yillardagi yutuqlari bilan emas, hozirgi faoliyati, aniq natijalari va masʼuliyati bilan baholanishi kerakligini taʼkidladi.
Toqayev bu talablarni Konstitutsiyada mustahkamlangan «Qonun va tartib» tamoyili bilan bogʻladi. Uning soʻzlariga koʻra, mart oyida umumxalq referendumida yangi Asosiy qonun qabul qilingan. Hujjatda suverenitet va mustaqillikni himoya qilish, birlikni mustahkamlash, shuningdek, taʼlim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish davlatning muhim yoʻnalishlari sifatida belgilangan.
Prezident mansabdor shaxslardan shaxsiy intizom, halollik, saranjomlik va davlat manfaatlariga sodiqlik kutilishini taʼkidladi. Uning aytishicha, bu talablar unvonlari va jamiyatdagi mavqeyidan qatʼi nazar, barcha darajadagi rahbarlarga taalluqlidir.



