Buxoro viloyati va Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarish boʻyicha treninglar oʻtkazildi
Buxoro viloyati va Qoraqalpogʻistonning toʻrt tumanida suv resurslarini boshqarish treninglari oʻtkazildi. Ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki ham muhokama qilindi.

Treninglar Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl, Qoraqalpogʻistonning Amudaryo va Moʻynoq tumanlarida oʻtkazildi. Har bir tumanda fermer va dehqon xoʻjaliklari, suv taʼminoti xizmatlari hamda hokimliklardan 40–50 nafardan vakil qatnashdi.
Aral Sea Wetlands loyihasining suv va yer resurslarini boshqarish gender jihatlari boʻyicha maslahatchisi Ifoda Ahmadxoʻjayeva bu hududlarda tomorqa ishlarining qariyb 85–90 foizi ayollar mehnatiga toʻgʻri kelishini aytdi. Ular sabzavot va koʻkat yetishtiradi, mayda shoxli chorva va parranda boqadi.
Qurgʻoqchil iqlimda tomorqalar yirik dalalar sugʻorilgach sugʻoriladi. Shu sabab ayollar koʻpincha shoʻr sizot suvidan foydalanadi; Ahmadxoʻjayevaga koʻra, bu hosildorlikni pasaytiradi.
Ishtirokchilar suv isteʼmolchilarining huquq va majburiyatlari, Suv kodeksi normalari, shartnomalar, subsidiyalar, suvning raqamli hisobi va bu maʼlumotlarning huquqiy maqomini koʻrib chiqdi. Suv huquqi yuristi Nozimaxon Sultonxoʻjayeva suv sarfi maʼlumotlari qanday shakllanishi va taʼminotchi oldida manfaatlarni himoya qilishda ulardan foydalanishni bilish muhimligini taʼkidladi.
Tadbirlar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamgʻarmaning qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.



