Yevrosiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqarishga $75 mln yoʻnaltirishi mumkin
Yevrosiyo taraqqiyot banki Jizzax viloyatida gibrid va elektromobillar yigʻish majmuasiga $75 mln gacha ajratishni koʻrib chiqmoqda.

Loyihani ADM Global guruhiga kiruvchi «ADM JIZZAKH» AJ amalga oshiradi. Mayda uzelli yigʻish majmuasi qiymati $94 mln deb baholanmoqda. Korxona Xitoy brendlari avtomobillarini ishlab chiqaradi.
Paketga ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, DOST brendidagi yengil avtomobilni ishlab chiqish va qariyb 100 ming kv. m maydonli «A» toifali ombor majmuasini qurish ham kiradi.
YTTB boshqaruvi raisi oʻrinbosari Aleksey Skatin bank ishtiroki ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishi, ish oʻrinlari yaratishi va mahalliy ishlab chiqarilgan avtokomponentlarga talabni oshirishi kerakligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, DOSTni loyihalash, prototipini yaratish va sinashda oʻzbekistonlik muhandislar qatnashadi.
YTTB va «ADM JIZZAKH» AJ avtomobil sanoatining ilmiy-texnologik salohiyatini rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladi. Hujjat ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, muhandislik texnologiyalarini joriy qilish va namoyish avtomobilini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Markazni loyihalash, kompyuter modellashtirish, prototiplar tayyorlash, sinovdan oʻtkazish va muhandislar malakasini oshirish uchun jihozlash rejalashtirilgan.
ADM Global bosh direktorining oʻrinbosari Murod-Mirza Sharipov kompaniya ishlab chiqarish, tadqiqotlar, muhandislik kompetensiyalari va logistika infratuzilmasini birlashtirmoqchi ekanini bildirdi.



