Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi
Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

Jenevadagi partiya qariyb besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga olib, tayyorgarligi hisobiga Sindarovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.
Birinchi vaqt nazorati oldidan Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurish oldidan unga atigi sakkiz soniya vaqt qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topib, bevosita xavfdan qutuldi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirib, raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.
Ruhlar almashilganidan soʻng taxtada turli rang kataklarda harakatlanuvchi fillar qoldi, bu esa gʻalaba imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh ustunlikni kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Shoh bilan yurishlar takrorlanganidan soʻng raqiblar durangga kelishib oldi.
Keyingi partiya 28 noyabrda boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 ta partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.
Yana oʻqing

Beshinchi turdan keyin «Arsenal» Opta versiyasiga koʻra Chempionlar ligasi favoritlari reytingida peshqadam boʻldi
Sport13:00
Sekulich JCh-2027 saralash bahslari qayta boshlanishidan oldin Sloveniya bosh murabbiyligidan ketdi
Sport12:11
