Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda yangi texnologiyalar yoʻl qurilishi standartlariga kiritiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev polimer bitum va geotekstilni yoʻl qurilishi standartlariga kiritishni topshirdi. Kelasi yildan bu xalqaro yoʻllar uchun majburiy boʻladi.

27-noyabr, 13:28По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda 27 noyabr kuni transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvda yoʻl qurilishiga yangi talablarni belgilash topshirildi. Dastlab ular xalqaro ahamiyatdagi yoʻllarni qurish va rekonstruksiya qilishda amal qiladi, keyinroq davlat va mahalliy ahamiyatdagi yoʻllarga ham tatbiq etiladi.

Mirziyoyev mamlakatga tez orada yana budjet mablagʻlarini talab qiladigan arzon yoʻllar emas, balki uzoq xizmat qiladigan sifatli infratuzilma kerakligini aytdi. Polimer bitumdan toʻgʻri foydalanish yoʻlning xizmat muddatini 3–4 yilga uzaytirishi, qoplamaning yuqori haroratga chidamliligini oshirishi va takroriy taʼmirlash xarajatlarini kamaytirishi mumkin.

Kelasi yil mart oyidan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarish boshlanadi. Yil oxirigacha quvvatni kamida 100 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Geotekstil ilk bor Urganch — Xiva pulli yoʻlining asfalt-beton qoplamasida qoʻllanildi. Material yuklamani bir tekis taqsimlash, qoplamani deformatsiyadan himoya qilish va uning xizmat muddatini 4–5 yilga uzaytirishga yordam beradi.