Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda yuk vagonlari importi uchun QQSni bekor qilish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekistonda yuk vagonlari importi QQSdan ozod qilinadi, temir yoʻllardan foydalanish toʻlovi esa koʻpi bilan 20 foizga kamaytiriladi. Yangi tariflar 2027-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etila boshlaydi.

27-noyabr, 13:35По-русски

Read in English

Shutterstock

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni transport va logistika sohasidagi investorlar hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvda xususiy biznesni temir yoʻl orqali yuk tashishga jalb etish boʻyicha choralarni eʼlon qildi.

Rasmiylar hisob-kitobiga koʻra, talab oshayotgani sababli yuk vagonlari parkini har yili 5000−6000 taga koʻpaytirish zarur. Vagonlar importida QQSni bekor qilishdan tashqari, tadbirkorlarga temir yoʻllardan foydalanish uchun 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashuvlarida foydalaniladigan mahalliy vagonlar uchun QQSning nol stavkasi joriy etiladi.

Jahon banki bilan hamkorlikda temir yoʻl sohasi uchun yangi tarif siyosati ishlab chiqildi. Uni bosqichma-bosqich joriy etishni 2027-yildan boshlash topshirildi. Kelgusi yildan boshlab har bir yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl infratuzilmasi, lokomotiv va vagondan foydalanish toʻlovlari alohida koʻrsatilishi kerak.

Soliq imtiyozlarining amal qilish muddatlari, chegirmalar shartlari va yangi tarif siyosatining parametrlari hozircha aniqlashtirilmagan. Vagonlar parkini kengaytirish, jumladan, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli ishga tushirilganidan keyin tashuvlar koʻpayishi kutilayotgani bilan bogʻlanmoqda: ushbu yoʻnalishdagi yuk hajmi yiliga 10 barobarga, 15−16 mln tonnagacha oshishi mumkin.