Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya tovar ayirboshlashni 5 mlrd dollargacha uch baravar oshirmoqchi

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlashni 5 mlrd dollargacha yetkazmoqchi. Tomonlar muhim minerallar boʻyicha loyihalarni ham tayyorlamoqda.

27-noyabr, 13:35По-русски

Read in English

azerbaijantimes.org

27 noyabr kuni Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Janubiy Koreya elchisi Von Do Yon bilan uchrashdi. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 10 oyida mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash 7,4 foizga oshib, 1,6 mlrd dollarga yetgan.

Uchrashuvda tomonlar yuqori darajadagi kelishuvlarning bajarilishi va savdoni yanada kengaytirishni muhokama qildi. Ular erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimning asosiy qoidalarini kelishishni yakunlashga kelishib, koreyalik kompaniyalar uchun ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha qadamlarni belgiladi.

Shuningdek, muhim minerallar, sunʼiy intellekt va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar koʻrib chiqildi. Minerallarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha loyihalar portfelini shakllantirish haqida alohida kelishuvga erishildi.

2027 yilning birinchi choragiga hukumatlararo qoʻmitaning 13-yigʻilishi hamda muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar davra suhbati rejalashtirilgan.