Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda poyabzalni raqamli markirovkalashni 2027 yildan joriy etish rejalashtirilmoqda

Qaror loyihasida poyabzalning ayrim turlari va transformatorlarni markirovkalash taklif etilgan: tajriba 2027 yil 1 yanvardan boshlanadi, majburiy tartib esa bir yil oʻtib joriy etiladi.

27-noyabr, 15:11По-русски

Read in English

Oʻzbekistonda poyabzal va transformatorlarni raqamli markirovkalash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Uni 2027 yil 1 yanvardan tajriba tariqasida ishga tushirish, 2028 yil 1 yanvardan esa majburiy qilish rejalashtirilmoqda.

Markirovkalash doirasiga suv oʻtkazmaydigan va ustki qismi rezina yoki plastmassadan tayyorlangan boshqa poyabzal turlarini, shuningdek, tabiiy yoki kompozit charm, toʻqimachilik va boshqa materiallardan tayyorlangan modellarni kiritish taklif etilgan. Talab transformatorlarga ham tatbiq etiladi.

Majburiy tartib boshlanguniga qadar ishlab chiqarilgan yoki olib kirilgan markirovkasiz mahsulot qoldiqlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga 2028 yil 1 aprelgacha, ulgurji sotuvchilarga 1 iyulgacha, chakana sotuvchilarga esa 1 oktabrgacha sotishga ruxsat beriladi.

Hujjat mamlakatda elektr akkumulyatorlari va separatorlarini raqamli markirovkasiz ishlab chiqarishni ham taqiqlashni nazarda tutadi. Bunday mahsulotlarni import qilishda jamlangan import kodi haqidagi maʼlumotlarsiz bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtishning imkoni boʻlmaydi.