Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Toshkentning yangi aeroporti yonida 5 mlrd dollarlik Aerocity quriladi

Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport yonida 5 mlrd dollarlik Aerocity barpo etiladi. Hudud bosh rejasini kelasi yil 1 iyulgacha yakunlash topshirildi.

27-noyabr, 18:01По-русски

Read in English

t.me

27 noyabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi investorlar va tadbirkorlar bilan yigʻilish oʻtkazdi. Unda yangi xalqaro aeroport yonida 800 gektar maydonni egallaydigan Aerocity loyihasi taqdim etildi.

Majmuaga logistika va elektron savdo markazlari, taniqli brendlar doʻkonlari, zamonaviy mehmonxonalar hamda turar joy obyektlari kiradi. Masʼullarga hudud bosh rejasini kelasi yil 1 iyulgacha yakunlab, uni mahalliy va xorijiy investorlarga taqdim etish topshirildi.

Yangi aeroport Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 300 gektar maydonda qurilmoqda. Ishlar 2025 yil oktabrida boshlangan. Loyihada Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi, Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi ishtirok etmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda 11 ta xalqaro aeroport rekonstruksiya qilindi. Yana yettita aeroport — Moʻynoq, Qoʻqon, Zomin, Arnaso, Shahrisabz, Sariosiyo va Soʻxdagi aeroportlar — qayta tiklandi. Urganch, Samarqand, Buxoro va Namangan aeroportlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investorlarning ishonchli boshqaruviga berildi.