Janubiy Koreya Oliy sudi Yun Sok Yolni yolgʻon guvohlik berish ishi boʻyicha uzil-kesil oqladi
Janubiy Koreya Oliy sudi Yun Sok Yolning yolgʻon guvohlik berish ishi boʻyicha oqlov hukmini oʻz kuchida qoldirdi. Bu sobiq prezidentning ozod etilishini anglatmaydi: u boshqa ishlar boʻyicha hamon qamoqda qolmoqda.

Janubiy Koreyada Oliy sud prokuraturaning shikoyatini rad etib, Yun Sok Yol ishi boʻyicha quyi instansiyalar qarorlarini tasdiqladi. Sobiq prezident 2025-yil noyabrida sobiq bosh vazir Han Dok Su ustidan boʻlib oʻtgan sud jarayonida yolgʻon koʻrsatma berganlikda ayblangan.
Yun 2024-yil 3-dekabrda harbiy holat joriy etilishidan oldin hukumatning toʻlaqonli majlisini oʻtkazmoqchi boʻlganini taʼkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, bu qaror bosh vazirning tegishli taklifidan oldinroq qabul qilingan. Prokuratura bu koʻrsatmalarni yolgʻon deb hisoblagan, biroq sudlar ayblov hukmi chiqarish uchun yetarli dalillar topmagan.
Bu ish boʻyicha oqlov sobiq prezidentning holatini oʻzgartirmaydi. Joriy yilning fevralida u isyon uyushtirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan; hozir ishni apellyatsiya instansiyasi koʻrib chiqmoqda. Avvalroq prokuratura unga nisbatan oʻlim jazosi berilishini soʻragan.
Bundan tashqari, aprel oyida sud oʻz hibsga olinishiga toʻsqinlik qilish ishi boʻyicha jazoni besh yildan yetti yilgacha oshirdi. Iyulda Oliy sud bu jazoni uzil-kesil tasdiqladi. Oʻsha oyda Yun saylovoldi kampaniyasi vaqtida ijtimoiy soʻrovlar natijalarini noqonuniy olgani uchun ikki yilga hukm qilindi. Himoya tomoni bu hukm ustidan shikoyat qilmoqchi.



